Loyiha boshqaruvida eng samarali metodologiya – Scrum nima va undan qanday foydalanish kerak?

Jamoangiz safi kengayotganda ilk navbatda strukturani yo’lga qo’yish, vazifalarni tizimlashtirishga ehtiyoj paydo bo’ladi. Bunday paytda loyihalar boshqaruvida qo’llaniladigan dastur va metodlarni qaysi birini tanlashni bilmay boshingiz qotishi aniq. Scrum esa, aynan siz izlagan yechim hisoblanadi. Quyida mazkur metodologiya, aniqroq qilib aytganda, loyiha boshqaruvi uslubi haqida so’z yuritamiz.

Ish jarayonini optimallashtirish uchun ko’p ishlatiladigan Scrum – bu Agile metodologiyasining bir ko’rinishi. Metodologiya mazmuni shundan iboratki, vazifalar bir haftadan bir oygacha davom etishi mumkin bo’lgan vaqt davrlari (sprintlar)ga taqsimlanadi. Bunda katta loyiha bir nechta kichik vazifalarga bo’linadi. Jamoa belgilangan sprint (muddat) davomida o’z oldiga qo’ygan barcha topshiriqlarni bajarish majburiyatini oladi.

Scrum jamoani hamjihatlikda ishlashiga yordam beradi. Scrum bu freymvork hisoblansada, ko’pchilik uni agile bilan adashtirishadi. Aslida agile kabi tuzilgan va uning bir turlaridan biri hisoblangan scrum ham doimiy takomillashib borish metodiga asoslanadi. Agile – fikrlashning bir ko’rinishi, scrum esa, vazifani bajarish asosi demakdir. Bir kishi loyihani istalgan ko’rinishga keltira olmaydi, biroq butun jamoa ishini tizimlashtirish orqali bunga erishish mumkin.

Demak, scrum tajriba to’plash asosida loyihani mukammal ko’rinishga keltirishni anglatadi:

  • Jamoa yetarli tajribaga ega emas, yoki loyihani batafsil tushunmaydi;
  • Loyiha bosqichma-bosqich “yasaladi”;
  • Jamoa mazkur bosqichlar davomida tajriba oshirib boradi;
  • Mijoz istaklari loyiha davomida o’rganiladi, xatolar to’g’rilanib boriladi;
  • Vazifalar priotet bo’yicha muddatlarda (sprint) taqsimlanib/bajarilib boradi;

Misol uchun, bu jamoaga taqsimlangan haftalik, 15 kunlik yoki oylik sprintlar bo’lishi mumkin. Sprint qancha qisqa bo’lsa, u shuncha tez yakunlanishi va mijozlardan tezkor fikr-mulohazalarni olish hamda keyingi sprintda mijozning ehtiyojlariga moslashish imkonini beradi.

Aytaylik, haftalik sprintda har hafta siz yangi sprint uchun vazifalarni rejalashtirishingiz, ustida ishlash kerak bo’lgan “ficha”larni (yoki “bug”lani) aniqlash va bir hafta ichida mijozga natijani ko’rsatib borish imkoniyatini berasiz.

Scrum’ning klassik ko’rinishida Product Owner va Scrum Master nomli rollar mavjud. Buyurtmali ishlab chiqishda, ko’pincha mijozning o’zi Product Owner rolini bajaradi (agar kerak bo’lsa, biz o’z Product Manager’larimizni jalb qilish mumkin. Loyiha menejeri esa Scrum Master rolini bajaradi.

Bozorga yangi mahsulotlarni olib chiqish bo’yicha ko’pgina loyihalar uchun aynan Scrum metodi qo’l keladi.

Metodologiyaga koʻra, har bir vazifaning oʻziga xos “narxi” bor. Bu narx har bir vazifaning murakkabligini aks ettiradi. Vazifalarni baholash bir xodimning yoki umuman, boʻlimning ish faoliyatini oʻlchashga yordam beradi.

Aytaylik, bitta xodim ikkita maqola yozgan, ikkinchisi esa videoni suratga olgan va montaj qilgan. Kimning ishi samaraliroq? Yoki aksincha, bularning barchasini bitta odam qila oladimi?

Bunda har bir ishchining ishlashini jadvalga yozish va oʻrtacha qiymatlarni koʻrsatish kerak. Bir-ikki oylik tahlildan soʻng har bir xodimning ishlay olish qobiliyati aniq tushunib olinadi. Har bir jamoa aʼzosi kuniga, haftasiga, oyiga qancha vazifani bajarishi mumkinligi aniq boʻladi. Ushbu maʼlumotlarga asoslanib, rejalar tuzish ancha osonlashadi.

Qolaversa, har bir xodimning ish faoliyatini kuzatishga yordam beradi. Misol uchun, agar oʻrtacha qiymatlar pasayishni boshlagan boʻlsa, unda buning sabablarni topish kerak. Ehtimol, xodimingizda qandaydir muammolar yuzaga kelayotgan yoki u shunchaki taʼtilga chiqishi kerak boʻlgan boʻlishi mumkin. Bu yerda asosiy e’tibor talab qiladigan narsa taqqoslashdir – mazkur xodimning prioritetlarga berayotgan kuchi va vazifa sifati.

Shuningdek, scrum vazifalarni tartibga solish uchun ham yordam beradi. Birinchi navbatda, vazifalarning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab olish kerak: “Uncha muhim emas”, “Oʻrtacha muhim” va “Juda muhim”. Bu birinchi navbatda nima muhimligini tushunishni ancha osonlashtiradi.

Albatta, kundalik yigʻilishlar ishni malakali tashkil etishga yordam beradi. Har kuni ertalab jamoa yigʻiladi, hamma kecha nima qilganini, bugun nima qilishini va qanday qiyinchiliklarga duch kelganini aytadi. Demak, boʻlimdagi har bir kishi loyiha ustidagi ishlar qanday ketayotganidan xabardor boʻladi.

Shunday qilib, scrum Agile metodologiyasining bir ko’rinishi hisoblanadi. Bu turdagi metodologiyalar aslida ko’p. Misol uchun, ilgari barcha loyihalar yagona Waterfall metodologiyasi bo’yicha amalga oshirilgan. Waterfall uslubi 1970-yildan beri ma’lum bo’lib, uni Uinston Uoker Roys ixtiro qilgan. Keyinchalik, Scrum va Kanban nomli moslashuvchan (Agile) yondashuvlari paydo bo’ldi. Scrum metodologiyasi, sprintlani taqsimlash va boshqa funksiyalar haqida batafsil keyingi maqolalarimizda tanishib chiqamiz.

Mavzuga oid maqolalar