Sun’iy ong va inson miyasi o’rtasidagi o’xshashliklar va tafovutlar

Bugungi kunda sun’iy ong yoki sun’iy intellekt tushunchalari dunyoning deyarli barcha nuqtalarida yashovchi insonlarga tanish bo’lsa kerak. Ammo sun’iy ong va inson miyasi o’rtasida qanday o’xshash jihatlar bor? Ushbu maqola bu dolzarb savolga javob izlaydi!

Glasgow Universitetining Psixologiya va Nevrologiya maktabi tomonidan olib borilgan yangi tadqiqot inson miyasi va sun’iy neyron tarmoqlar narsalarni bir xil tarzda taniy oladimi yoki yo’qligi haqida ilmiy izlanish olib bordi.

 Sun’iy neyron tarmoqlar (DNN) – yuzni aniqlashning avtomatlashtirilgan tizimlari hamda haydovchisiz boshqariladigan avtomobillar kabi kundalik real ko’rinishlarda tobora hayotimizda kuchayib bormoqda. Tadqiqotchilar sun’iy neyron tarmoqlardan ma’lumotlarni qayta ishlashini modellashtirish va ushbu jarayon odamlarnikiga qay darajada mos kelishini tekshirish uchun foydalandilar. Sun’iy neyron tarmoqlar inson miyasi bajaradigan hisob-kitoblarni amalga oshirish, xususan, real dunyodagi “narsalar” ni vizual ravishda tanib olish uchun tobora ommalashib borayotgan vositaga aylangan. Ammo  tarmoqlarning bu kabi amaliyotlarni amalga oshirish usullari inson ongidan ancha farqli bo’lishi mumkin.

“Trends in Cognitive Sciences” jurnalida chop etilgan  Glasgow universitetining psixologiya va nevrologiya maktabi boshchiligidagi yangi tadqiqot inson miyasi va sun’iy neyron tarmoqlar modellari o’zaro o’xshash hisoblash bosqichlaridan foydalangan holda narsalarni bir xil tarzda taniydimi yoki yo‘qligini tushunishga yondashuvni taqdim etadi.

 Sun’iy intellektni mukammal ishlab chiqishda dolzarb muammo – bu mashinaning xuddi haqiqiy odamlar kabi ma’lumotlarni idrok qilgan holda qayta ishlab chiqara olmasligi hisoblanadi.Tadqiqotchilar agar bu muammo hal qilinsa, bizning miyamiz kabi ma’lumotlarni qayta ishlaydigan aniqroq va ishonchli sun’iy intellekt texnologiyasini yaratishda oldinga qadam bo’lishiga umid qilishmoqda.

Glasgow universitetining texnologik izlanishlar bo’yicha dekani, Philippe Schyns, fikriga ko’ra agar biz inson miyasidagi tanib olish mexanizmlari haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lsak, bu bilimlarni sun’iy neyron tarmoqlarga o‘tkazishimiz mumkin. Natijada  ular insonga taqlid qilishdan-da ko’proq narsani bajara olishlari mumkin. Ya’ni ular xuddi odamlardek “fikrlay” olishlari mumkin bo’ladi. 

Ustun Jihatlar

Sun’iy intellekt hanuz rivojlanish bosqichida bo’lishiga qaramay ba’zi xususiyatlari bilan inson miyasidan tezroq va samaraliroq bo’lishi mumkin. Masalan, hisoblash jarayoni sun’iy ong uchun ancha osonroq va bu insonlar vaqtini tejashga yordam beradi. Bu esa ko’pgina kasblarda ish mahsuldorligini oshirishga yordam bermoqda. Misol qilib idora, korxona va tashkilotlardagi hisobchilarning ish jarayonlarini aytish mumkin. Zamonaviy hisoblash tarmoqlari ularga anchagina vaqt va kuch tejashlariga yordam berdi.

Ammo ijodkorlik va o’ylash qobilyatlariga kelganda shubhasiz inson miyasi kuchli jihatlarga egadir. Hozirda sun’iy neyron tarmoq qanchalik ko’p amallarni bajarmasin, ba’zi ishlarda inson ta’siriga ehtiyoj sezadi. Jumladan, haqiqiy ta’sirli san’at asarlarini yaratish yoki atrofda yuz berayotgan voqealarni o’ylash, ular haqida idrok qilish kabi holatlar faqat insoniyat ongi tomonidan qilinishga qodir.

Shunday qilib, sun’iy neyron tarmoqlar kundan-kunga hayotimizga kirib kelmoqda va bizga ko’p qiyin ishlarda ko’mak bermoqda. Maxsus dasturchi-olimlar esa ularni yanada rivojlantirish maqsadida turli tadqiqot va izlanishlar olib bormoqda.

 Shu kabi IT sohasiga oid nihoyatda dolzarb va qiziqarli texnologik yangiliklarni Ilmiy-texnologik maqolalar (texnokun.uz) sayti orqali tanishib borishingiz mumkin.

 Foydalanilgan manba:

Mavzuga oid maqolalar