Yuzni tanib olish texnologiyasi: afzallik va kamchiliklari. O‘zingizni qanday himoya qilishingiz kerak?

Har bir texnologiyaning ham o‘ziga yarasha afzallik va kamchilik taraflari mavjud. Quyida biometrik texnologiyalardan biri – “Yuzni tanib olish tizimi” ning o‘ziga xos afzallik va kamchiliklari to‘g‘risida gaplashamiz.

Yuzni tanib olishning afzalliklari

Yuzni tanish tizimi smartfon qulfini ochishdan tashqari, boshqa bir qancha afzalliklarga ham ega:

  • Xavfsizlikni oshirish. Hukumat darajasida yuzni tanish terrorchilar yoki boshqa jinoyatchilarni aniqlashga yordam beradi. Shaxsiy darajada esa, smartfon qurilmalarini qulflash va kuzatuv kameralari uchun xavfsizlik vositasi sifatida ishlatilishi mumkin.
  • Jinoyatlarni kamaytirish. Yuzni tanib olish o‘g‘rilar va huquqbuzarlarni izlashni osonlashtiradi. Yuzni tanib olish tizimi ayniqsa, kichik jinoyatlarni  oldini olishga yordam beradi. Bundan tashqari ushbu texnologiyadan jismoniy xavfsizlikdan tashqari, kiberxavfsizlikda ham keng qo‘llaniladi. Kompaniyalar kompyuterlarga kirish uchun parollar o‘rniga yuzni aniqlash texnologiyasidan foydalanishlari mumkin. Nazariy jihatdan, yuzni tanish tizimini buzib bo‘lmaydi, chunki unda parol bilan bo‘lgani kabi o‘g‘irlash yoki o‘zgartirish uchun hech narsa yo‘q.
  • Qidiruv tizimini yaxshilash. Jamoatchilik orasida gumonlanuvchilarni qidirish politsiyachilar uchun bir muncha qiyin jarayondir. Yuzni tanish texnologiyasi esa, jarayonni yaxshilashi mumkin. Olomon orasida gumonlanuvchilarni insonlar emas, balki avtomatlashtirilgan tizim bilan izlash orqali yuzni aniqlash texnologiyasi potensial qarama-qarshilikni kamaytirishga va qonunga bo‘ysunuvchi fuqarolarga nisbatan tushunmovchiliklarni kamaytirishga yordam beradi.
  • Kattaroq qulaylik yaratish. Texnologiya keng tarqalib borar ekan, mijozlar do‘konlarda xarid uchun kredit kartalari yoki naqd pullardan emas, balki  yuzlaridan foydalangan holda to‘lashlari mumkin. Bu orqali do‘konlardagi kassalarda vaqtni tejash imkonini beradi.  Barmoq izlari yoki boshqa xavfsizlik choralari kabi yuzni tanib olish uchun kontakt talab qilinmagani uchun yuzni tanish bizga tez, avtomatik va muammosiz tekshirish tajribasini taqdim etadi.
  • Tezroq ishlash. Yuzni tanib olish jarayoni atigi bir soniya davom etadi, bu esa yuzni tanishdan foydalanadigan kompaniyalar uchun foydalidir. Kiberhujumlar va ilg‘or xakerlik vositalari davrida kompaniyalar xavfsiz va tezkor texnologiyalarga muhtoj. Yuzni tanib olish insonning shaxsini tez va samarali tekshirish imkonini yaratadi.
  • Boshqa texnologiyalar bilan integratsiya (birlashish). Yuzni aniqlash tizimlarining aksariyati ko‘pgina xavfsizlik dasturlariga mos keladi. Yaʼni, u muammosiz integratsiyalashadi. Bu esa qo‘shimcha xarajatlar miqdorini kamaytiradi.

Yuzni tanib olishning kamchiliklari

Baʼzi odamlar jamoat joylarida suratga olinishga va yuzni tanib olish texnologiyasidan foydalanishga qarshi emaslar. Albatta bu aniq foyda yoki asos mavjud bo‘lgan holatlarda. Ammo ushbu  texnologiya baʼzi insonlarda zo‘ravonlik reaksiyasini keltirib chiqarishi mumkin. Yuzni tanib olishning baʼzi kamchiliklari va muammolari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • Nazorat. Baʼzilar hamma joyda mavjud bo‘lgan videokameralar, sunʼiy intellekt va maʼlumotlar tahlili bilan bir qatorda yuzni tanishdan foydalanish ommaviy kuzatuv uchun imkoniyat yaratadi, bu esa shaxsiy erkinlikni cheklashi mumkin. Yaʼni yuzni tanish texnologiyasi hukumatga jinoyatchilarni izlashga imkon bersada, ular oddiy va begunoh odamlarni istalgan vaqtda kuzatib borish uchun sharoit yaradi.
  • Xatolik doirasi. Yuzni tanib olish maʼlumotlari xatolikdan xoli emas, bu esa odamlarning o‘zlari qilmagan jinoyatlarga aloqador bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Misol uchun, kamera burchagidagi yengil o‘zgarish yoki tashqi ko‘rinishdagi o‘zgarish, masalan, yangi soch turmagi xatoga olib kelishi mumkin. 2018 yilda Newsweek nashri Amazonʼning yuzni tanish texnologiyasi AQSH Kongressining 28 nafar aʼzosini jinoyatlar uchun hibsga olingan shaxslar sifatida noto‘g‘ri aniqlagani haqida xabar berdi.
  • Maxfiylikni buzish. Axloqiylik va maxfiylik masalasi eng munozarali masaladir. Hukumatlar bir nechta fuqarolarning rasmlarini ularning roziligisiz saqlashlari maʼlum. 2020 yilda Yevropa komissiyasi maxfiylik va axloqiy huquqbuzarliklarning oldini olish uchun meʼyoriy-huquqiy bazani ishlab chiqishga vaqt ajratish uchun jamoat joylarida yuzni aniqlash texnologiyasini besh yilgacha taqiqlashni ko‘rib chiqayotganini aytgan. 
  • Katta hajmdagi maʼlumotlarni saqlash. Yuzni aniqlash dasturiy taʼminoti mashinani “o‘rganish, tanib olish” texnologiyasiga tayanadi, bu aniq natijalarni berish uchun katta maʼlumotlar to‘plamini talab qiladi. Bunday katta maʼlumotlar to‘plamlari mustahkam maʼlumotlarni saqlashni talab qiladi. Kichik va o‘rta kompaniyalarda kerakli maʼlumotlarni saqlash uchun yetarli resurslar bo‘lmasligi mumkin.

Biometrik maʼlumotlarni qanday himoya qilish kerak?

Biometrik maʼlumotlar odatda eng ishonchli autentifikatsiya usullaridan biri hisoblansada, u ham katta xavf tug‘diradi. Buning sababi, agar kimningdir kredit karta maʼlumotlari buzilgan bo‘lsa, u o‘z kreditini muzlatib qo‘yishi va buzilgan shaxsiy maʼlumotlarini o‘zgartirish choralarini ko‘rishi mumkin. Agar “raqamli yuzingiz” ni yo‘qotsangiz nima qilasiz?

Butun dunyo bo‘ylab biometrik maʼlumotlarni saqlaydigan va qayta ishlaydigan infratuzilma qanchalik xavfsiz?

Yuzni tanish dasturiy taʼminoti hali o‘zining nisbiy rivojlanish bosqichida bo‘lganligi sababli, bu sohani tartibga soluvchi qonunlar hamon rivojlanmoqda. Maʼlumotlari buzilgan oddiy fuqarolarning qonuniy chora talab qilish yo‘llari nisbatan kam. Kiberjinoyatchilar ko‘pincha hokimiyatdan qochishadi yoki yillar o‘tib, ancha vaqtdan so’ng hukm qilinadilar, ularning qurbonlari esa hech qanday tovon ololmay qoladilar.

Yuzni tanishdan foydalanish kengaygani sari, xakerlar firibgarlik qilish uchun sizning yuz maʼlumotlaringizni o‘g‘irlash imkoniyati ortadi.
Mumkin bo‘lgan zararni istisno qilish yoki minimallashtirish uchun o‘z vaqtida birovning biometriyasiga taqlid qilishga urinishlarni aniqlash, soxta ma‘lumotni real vaqtda haqiqiy egasi tomonidan taqdim etilganligini tasdiqlash yoki rad etish kerak.

Ko‘p faktorli identifikatsiyadan foydalanish haqiqiy shaxslarni yoki ularning biometrik belgilarini xavfsizligini sezilarli darajada oshiradi va shaxsiy ma‘lumotlarning har qanday elementini o‘g‘irlashni qiyinlashtiradi.

Biometrikani boshqa xavfsizlik elementlari bilan birlashtiradigan konsepsiyalar allaqachon mavjud. Bunday yechimlar yanada ishonchli foydalanuvchilar hisoblarni yaratish imkonini beradi va o‘g‘irlangan biometrik belgilarning o‘zi noqonuniy xatti-harakatlarni amalga oshirish uchun yetarli bo‘lmaydi.

Biometrik texnologiya keng qamrovli xavfsizlik yechimlarini taklif etadi. Kamchiliklarga qaramay, ushbu tizimlar qulay va ularni takrorlash qiyin.
Biometrik maʼlumotlar qanday o‘g‘irlanishi, ularni jinoyatchilardan qanday himoya qilish haqida batafsil maʼlumotga ega bo‘lishni istasangiz tenokun.uz saytini kuzatib boring.

Mavzuga oid maqolalar